Korrupsiyaga qarshi kurash
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirish, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yanada yaxshilash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Quyidagilar korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishning 2030-yilgacha boʻlgan ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari)da korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini tashkil etish;
(b) korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan koʻra korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiyaviy holatlarni oldini olish;
(v) raqamli texnologiyalar, shu jumladan, sunʼiy intellektni joriy qilishni hamda ulardan samarali foydalanishni kengaytirish;
(g) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish va muntazam takomillashtirib borish.
2. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish samaradorligini oshirish
3. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida preventiv mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
(a) korrupsiyani oldini olish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarida yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish hamda uslubiy yordam koʻrsatib borish;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish;
(v) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ulardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
(g) davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori boʻlgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish boʻyicha takliflar va minimal talablarni ishlab chiqish;
(d) “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni eʼlon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni qoʻllash;
(j) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda korrupsiyaviy omillar, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash hamda oldini olish.
4. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining faoliyati Agentlik bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi. Bunda:
(a) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishga oid faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi;
(b) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari va ular xodimlarining vazifalari, funksiyalari va javobgarligi Agentlik bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadi;
(v) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari zimmasiga ularning vazifalari va funksiyalari bilan bogʻliq boʻlmagan topshiriqlar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(g) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining rahbar va xodimlari faoliyatiga samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) qoʻllanilmaydi, bunda:
(i) samaradorlik koʻrsatkichlaridan (KPI) kelib chiqadigan ustamalar tegishli lavozim uchun belgilangan maksimal miqdorda tatbiq etiladi;
(ii) ustamalar miqdorini pasaytirish masalasi Agentlik roziligi bilan hal etiladi;
(d) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
(j) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari davlat organlari va tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan maxsus oʻquv kurslarida oʻqitiladi.
5. Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining masʼul lavozimlariga nisbatan ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasiga doir quyidagi minimal talablar joriy etiladi:
(a) yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, tizimli tahlil, menejment yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklari boʻyicha oliy maʼlumot;
(b) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmasi boshligʻi lavozimi uchun mutaxassisligi boʻyicha kamida 4 yillik, boshqaruv xodimlari uchun 3 yillik ish staji. Bunda komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi ish stajiga ustuvorlik beriladi;
(v) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus oʻquv kurslaridan oʻtganlik toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlish. Sertifikatga ega boʻlgan mutaxassislar Agentlikda yuritiladigan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalariga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.
6. 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. Bunda:
(a) ushbu tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga koʻra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
(v) Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimining belgilangan muddatlarda joriy etilmaganligi davlat organi yoki tashkiloti rahbari va oʻrinbosarlariga tizim joriy etilgunga qadar boʻlgan muddatda barcha ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
7. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
(a) korrupsiyaviy xavf-xatar va huquqbuzarlik darajasi yuqori boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tuzilmasiga qoʻshimcha shtat birliklarini koʻpi bilan 2 yil muddatga joriy etish. Bunda:
(i) qoʻshimcha shtat birliklari Agentlik direktorining taqdimnomasiga asosan ushbu tashkilotlarning mavjud shtat birliklari doirasida joriy etiladi;
(ii) qoʻshimcha shtat birliklariga xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Agentlik tomonidan amalga oshiriladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida faoliyati xususiyatlariga mos boʻlgan “komplayens-nazorat” tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar va tashabbuslarni ishlab chiqish, sohalar va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish. Bunda:
(i) loyiha ofislari Agentlik direktorining buyrugʻiga muvofiq Agentlik xodimlari, davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari hamda ekspert va mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi;
(ii) Agentlik direktorining davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini loyiha ofislariga jalb qilish haqidagi buyrugʻi bajarilishi majburiy hisoblanadi;
(iii) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari loyiha ofisi faoliyatiga jalb etilgan davrda ularning oylik ish haqi va boshqa barcha qoʻshimcha toʻlovlari saqlab qolinadi;
(iv) loyiha ofisi faoliyatiga jalb etilgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari, ekspert va mutaxassislarga oʻrganish olib borilayotgan davlat organi yoki tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha haq toʻlanishi mumkin.
8. Agentlik amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ulardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul organ etib belgilansin. Bunda:
(a) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha hujjatlar Agentlikka taqdim etiladi;
(b) 2027-yildan boshlab Agentlik tahlillar asosida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishning davlat organlari uchun majburiy boʻlgan yillik reja-grafigini har yili 1-aprelga qadar tasdiqlaydi va eʼlon qiladi;
(v) yillik reja-grafigi ijrosi natijalari haqidagi axborot Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi.
III. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish
9. Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi (keyingi oʻrinlarda — Korrupsiyaning oldini olish klasteri) joriy etilsin.
10. Belgilansinki, Korrupsiyaning oldini olish klasteri doirasida:
(a) huquqni muhofaza qiluvchi organlar Agentlikni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida aniqlangan korrupsiyaviy omillar va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar boʻyicha tahliliy va statistik maʼlumotlar bilan taʼminlaydi;
(b) Agentlikka Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan moliyaviy nazorat va auditni amalga oshirishda davlat xaridlari, manfaatlar toʻqnashuvi, moliyaviy xavf-xatarlar yuzasidan oʻtkazilgan tahlillar va oʻrganish natijalari bilan axborot tizimi orqali tanishishga ruxsat beriladi;
(v) 2-ilovadagi ilmiy muassasalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tahlillarni qiladi, Agentlikning buyurtmasiga asosan ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqadi, malaka oshirish dasturlarini tashkillashtiradi;
(g) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tizimdagi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yoʻnalishlari haqida maʼlumot hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni har chorakda Agentlikka taqdim etib boradi;
(d) fuqarolik jamiyati institutlari korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jamoatchilik nazorati, shu jumladan, jamoatchilik eshituvi hamda monitoringi, jamoatchilik fikrini oʻrganishni amalga oshiradi.
11. Agentlik:
(a) toʻplangan maʼlumotlar tahlili asosida:
(i) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha manzilli va natijaga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini, shu jumladan, sohaga oid strategiyalar, metodologiya va standartlarni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(ii) korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni tizimlashtirish mezonlarini ishlab chiqadi va guruhlarga ajratadi;
(iii) korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni bartaraf qilish mexanizmlari va ular boʻyicha masʼul ijrochilarni belgilagan holda chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi;
(b) mamlakatda korrupsiya holatini monitoring qiladi, korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha manzilli tahlillar olib boradi;
(v) davlat organlari va tashkilotlarining vazifalaridagi korrupsiyaviy omillar hamda tizimli muammolarni aniqlab, ularni raqamlashtirish va bartaraf qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib boradi;
(g) Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
12. Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari boʻlgan davlat organlari Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga har yarim yilda oʻz faoliyati yuzasidan axborot kiritib borsin.
IV. Davlat boshqaruvi sohasi faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlarni minimallashtirish
13. Quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi (keyingi oʻrinlarda — Dasturiy kompleks) 2026-yil 1-iyuldan boshlab sinov rejimida ishga tushirilsin:
(a) Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari oʻrtasida tezkor maʼlumot almashish;
(b) davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini Dasturiy kompleks bilan integratsiya qilish orqali Agentlik faoliyatini axborot jihatdan taʼminlash;
(v) Dasturiy kompleksning “E-Komplaens” modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini toʻliq raqamlashtirish;
(g) quyidagilarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt texnologiyalari:
(i) Dasturiy kompleks va boshqa axborot resurslaridagi maʼlumotlar tahlili asosida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, ularning oldini olishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqish;
(ii) davlat xaridlarida ommaviy ofertaga munosabat bildirishda affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligini aniqlash va ishtirokchilarning ishtirokini avtomatik cheklash.
14. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga Dasturiy kompleksni joriy etish boʻyicha yagona integrator funksiyasi yuklatilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Dasturiy kompleksni ishlab chiqish va 2026-yil yakuniga qadar toʻliq rejimda ishga tushirish;(b) Dasturiy kompleksni boshqa davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
(v) Agentlik faoliyatida raqamlashtirish siyosatini amalga oshirish va standartlarni joriy etish.
15. Raqamli texnologiyalar vazirligi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Dasturiy kompleks ishlab chiqilishini taʼminlasin.
16. Belgilansinki, respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimida asossiz ravishda eʼlon qilmaslik, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
17. Ushbu Farmon bilan yuklatilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib:
(a) Agentlikning mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori boʻlgan maʼmuriy tartib-taomillarni raqamlashtirish, shu jumladan, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy etishga masʼul boʻlgan “Xavf-tahlil markazi” tashkil etilsin;
(b) Xavf-tahlil markaziga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanishga ruxsat berish, shuningdek, Agentlikning elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar taqdim etish choralarini koʻradigan davlat organlari va tashkilotlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
V. Agentlik va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari
18. Belgilansinki:
(a) Agentlikka unga yuklatilgan vazifalarni toʻliq, sifatli va samarali amalga oshirish bilan bogʻliq maʼlumotlarni toʻliq yoki qisman taqdim etmaslik yoxud notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, zarur axborot tizimlarini integratsiya qilishga asossiz qarshilik koʻrsatish Agentlikning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish deb baholanadi;
(b) davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalariga tizim tashkilotlariga qonunbuzilish holatlarini oldini olish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma va ularni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqi beriladi.
19. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat qonunchiligining buzilishi, shu jumladan, mehnat faoliyatida taʼqib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
20. 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun kamida 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi nazarda tutilsin. Bunda mablagʻlarning 10 mlrd soʻmdan oshadigan qismi Agentlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq ajratiladi.
VI. Tashkiliy chora-tadbirlar
21. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
22. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
Agentlik har yili 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashni yoʻlga qoʻysin.
23. Agentlik uch oy muddatda Agentlik geraldik belgisi — emblemasi namunasi va tavsifi hamda undan foydalanish tartibini tasdiqlasin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.E. Burxanov belgilansin.
26. Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati boshligʻi E.T. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Batafsil: Yuklab olish